O‘zbekistonda qiymati bir milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi energetika loyihalari ishga tushirildi
"O‘zbekiston energetika haftaligi – 2026" doirasida Energetika vazirligi BAAning AMEA Power kompaniyasi bilan hamkorlikda energiya saqlash tizimlari va shamol energetikasi sohasida bir nechta yirik loyihalarni amalga oshirishga start berdi. Mazkur tashabbuslarning umumiy qiymati 1,3 milliard dollardan ortadi.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida quvvati 150 megavatt, sig‘imi esa 300 megavatt-soatga teng bo‘lgan energiya saqlash tizimi qurilishi boshlandi. Mazkur loyiha 86,1 million dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham shunday obyektni qurish rejalashtirilgan. Uning quvvati 200 megavatt, sig‘imi esa 800 megavatt-soatni tashkil etadi. Ushbu loyihaga 200 million dollar miqdorida investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Eng yirik loyiha sifatida Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida 1 000 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasini barpo etish belgilangan. Loyiha doirasida, shuningdek, uzunligi 40 kilometrga teng bo‘lgan elektr uzatish tarmog‘i ham quriladi. Uning qiymati 1,06 milliard dollarni tashkil etadi.