O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika va suv resurslari sohasida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika idoralari rahbarlari suv-energetika sohasida o‘zaro muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib oldilar.
13-fevral kuni Toshkent shahrida uch davlat energetika vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi hamda tegishli idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Aqqenjenov, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaibek Ibrayev, O‘zbekiston energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov ishtirok etdi. Shuningdek, yig‘ilishga Tojikiston energetika vaziri Daler Juma ham taklif etildi.
Tomonlar suv-energetika resurslarini boshqarish bo‘yicha hamkorlikning joriy holatini hamda mintaqaviy energotizimning barqaror ishlashi masalalarini muhokama qildilar.
Elektr stansiyalarining ish rejimlarini muvofiqlashtirish, suvdan foydalanish parametrlariga rioya etish va qo‘shma qarorlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Mavsumiy yuklamalar davrida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va transchegaraviy daryolarda suv sathining barqarorligini ta’minlash mintaqa energetik xavfsizligi uchun muhim ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi hamda hamkorlikni davom ettirish niyatini tasdiqlovchi bayonnoma imzolandi.