Energetik kelajak sari: O‘zbekiston 2035-yilga borib elektr ishlab chiqarishni yangi bosqichga olib chiqadi
O‘zbekiston 2035-yilga qadar yiliga 170 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy va diversifikatsiyalangan energetika tizimini shakllantirmoqda. Bu haqda StanRadar nashrida e’lon qilingan tahliliy materialda qayd etildi.
Prognozlarga ko‘ra, elektr energiyasiga bo‘lgan talab sanoatning jadal rivojlanishi, urbanizatsiya jarayonlari va aholining turmush darajasi yaxshilash hisobiga ortadi. Shu munosabat bilan mamlakatda energetika quvvatlarini kengaytirish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining salmoqli qismi quyosh va shamol elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu O‘zbekistonning ekologik barqarorlikni ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi xalqaro majburiyatlarni bajarish yo‘lidagi siyosatiga mos keladi. Shu bilan birga, energiyani saqlash tizimlari va “aqlli” elektr tarmoqlarini rivojlantirish orqali energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, yangi issiqlik va atom elektr stansiyalarini barpo etish, mavjud energetika obyektlarini yangilash muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. Energiya samaradorligini oshirish va an’anaviy yoqilg‘i manbalariga qaramlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, belgilangan rejalarni amalga oshirish nafaqat ichki ehtiyojlarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga, balki mamlakatning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qiladi.