Nekrolog: Pavel Dmitriyevich Soy xotirasiga
Chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamizki, atoqli gidrotexnika muhandisi, «Gidroproekt» AJning sobiq direktori, O‘zbekiston energetika sohasi faxriysi Pavel Dmitriyevich Soy hayotining 78-yilida vafot etdi.
Pavel Dmitriyevich 1947-yil 7-mart kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1970-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutini gidrotexnika muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha a’lo baholar bilan tamomlagan. Shundan so‘ng yuqori bosimli inshootlar gidravlikasi yo‘nalishi bo‘yicha aspiranturada sirtqi ta’lim asosida tahsil olishni davom ettirgan.
Kasbiga cheksiz sadoqat namunasi bo‘lgan mehnat faoliyati 1969-yilda, to‘rtinchi bosqich talabasi bo‘lgan chog‘ida «Gidroproekt» AJda Kurpsay GES loyihasi ustida ishlashdan boshlangan. Institutda yarim asrdan ortiq davom etgan mehnat faoliyati davomida Pavel Dmitriyevich oddiy muhandislik lavozimidan butun tashkilot rahbarigacha bo‘lgan mas’uliyatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi.
U insonning chuqur bilim va boy tajribasi Chorvoq, To‘xtog‘ul, Kurpsay hamda Rog‘un GESlari bo‘yicha murakkab texnik yechimlarning asosini tashkil etdi. Uning rahbarligi ostida Qiziloyoq gidrouzeli suv ombori, Baypazin va Sangtuda GESlari, shuningdek Afg‘onistondagi Kelagay GES loyihalari ishlab chiqildi. Pavel Dmitriyevich Sirdaryo bo‘limiga rahbarlik qilgan, uzoq yillar davomida iqtisodiyot va marketing bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritgan. 2016–2017-yillarda esa «Gidroproekt» AJ direktori lavozimini egallagan.
Umrining so‘nggi kunlariga qadar u Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, bosh mutaxassis sifatida faoliyat olib borgan va o‘zining bebaho bilim va tajribasini yosh muhandislarga yetkazib kelgan.
Ko‘p yillik fidoyi mehnati uchun Pavel Dmitriyevich «O‘zbekiston energetika sohasi faxriysi» unvoni bilan taqdirlangan, respublika mustaqilligi yilliklari munosabati bilan esdalik nishonlari hamda ko‘plab faxriy yorliqlar bilan mukofotlangan.
Pavel Dmitriyevich ahil va mehribon oila boshlig‘i bo‘lib, o‘g‘il va qiz farzandlarni voyaga yetkazgan, nevaralarining ta’lim va tarbiyasida faol ishtirok etgan.
Hamkasblari va yaqinlari uni yuksak intizomli, mas’uliyatli va qalbi keng inson sifatida chuqur hurmat bilan xotirlaydilar. Uning hayotiy shiori: ««Gidroproekt» AJ — bu mening butun hayotim» bo'lgan.
«Gidroproekt» AJ rahbariyati va jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiradi.