Yaponiya Samarqand yaqinidagi yangi energetika loyihalariga 1,5 milliard sarmoya kiritadi
Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Banki (JBIC) Samarqand viloyatida yirik energiya majmualarining, ya'ni quyosh elektr stansiyalari va energiyani yigʻish tizimlarining qurilishini moliyalashtiradi. Loyihaning umumiy investitsiya hajmi taxminan 1,45 milliard dollarni tashkil etadi.
Qurilayotgan obyektlarning umumiy quvvati 1000 megavattga yetadi, bu ularni respublikadagi qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi eng muhim loyihalardan biriga aylantiradi.
Moliyalashtirish JBIC boshchiligidagi konsorsium tomonidan amalga oshiriladi, u 635 million dollar ajratadi. Loyihaga Yaponiya xususiy banklari – Sumitomo Mitsui Banking Corp. va Norinchukin Bank ham qo'shilgan.
Loyihani amalga oshirishda 51% ulushga ega bo'lgan Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi, shuningdek, Yaponiya energetika kompaniyalari – Sumitomo Corp., Chubu Electric Power va Shikoku Electric Power ishtirok etmoqda. Xatarlarni sug'urtalashni Yaponiyaning NEXI tashkiloti ta'minlaydi.