Yangi investitsiya loyihasi: 500 mln dollarlik, 200 MVt quvvatli GES
O‘zbekistonning Andijon viloyati va Xitoyning Sichuan Power Transmission & Transformation Construction kompaniyasi gidroenergetika sohasida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Loyihaning umumiy qiymati 500 million dollarga baholanmoqda.
Tegishli kelishuvga Xitoy kompaniyasi rahbariyati bilan Andijon viloyati hokimining Xitoy Xalq Respublikasiga ishchi safari doirasida Xunan provinsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi chog‘ida erishildi. Loyiha 200 megavatt quvvatga ega yangi gidroelektrstansiya qurishni, shuningdek, mintaqadagi mavjud elektr podstansiyalarini modernizatsiya qilishni o‘z ichiga oladi.
Hamkorlik Andijon viloyatining energetika salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan. Loyihaning amalga oshirilishi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga va tarmoqlarni yangilash hamda ekologik barqarorlikni oshirish hisobiga viloyatning energiya xavfsizligini mustahkamlashga imkon beradi.
Xitoyning Sichuan Power Transmission & Transformation Construction kompaniyasi gidroelektr stansiyalari qurilishi bilan bog‘liq katta va tegishli tajribaga ega, ammo ularning asosiy ixtisosligi — to‘g‘onlarning o‘zini qurish emas, balki GESdan quvvat uzatish uchun butun elektr texnik infratuzilmani yaratishdir. Kompaniya xorijda (Efiopiya, Pokiston, Braziliya va boshqa mamlakatlarda) sezilarli ish tajribasiga ega bo‘lib, u yerda elektr uzatish liniyalari (EUL) va podstansiyalar qurgan, ko‘pincha GES bilan bog‘liq loyihalar uchun yangi elektr stansiyalarini (shu jumladan gidro-) milliy energiya tarmoqlariga integratsiya qilishga yordam bergan.