Хitoyda insonlar o‘rniga robot-itlar va dronlar xizmat ko‘rsatadigan birinchi shamol parki ishga tushdi
Xitoyda quvvati 70 MVt bo‘lgan to‘liq avtomatlashtirilgan “Ninsya-Tunli” shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu yerda barcha inspeksiya vazifalari inson ishtirokisiz bajariladi. Xodimlar o‘rniga X30 rusumli robot-itlar, dronlar va sensorlar uzluksiz ravishda uskunalarning holatini nazorat qiladi. Ularning barchasi ma’lumotlarni real vaqt rejimida masofaviy boshqaruv markaziga uzatadi. Ushbu loyiha sun’iy intellekt va robototexnikaga asoslangan avtonom energetik infratuzilma rivojida muhim bosqich bo‘ldi.
Obyekt “Three Gorges” kompaniyasi tomonidan Ninsya avtonom hududidagi olis plato hududida qurilgan va 2024-yil sentabrdan avtomatik rejimda ishlamoqda. Stansiya quvvati 3 MVt bo‘lgan “Goldwind GW150” turbinalari bilan jihozlangan va turli aqlli qurilmalar parki tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Kundalik texnik ko‘rikni to‘rt oyoqli robot-inspektorlar, dronlar va sensor tarmog‘i amalga oshiradi. Agar invertor qizib ketsa yoki turbina tebransa, ular darhol signal tizimini ishga tushiradi.
Yig‘ilgan tasvirlar va telemetriya yuzlab kilometr naridagi mintaqaviy markazga yuboriladi. Biroq aloqa uzilib qolsa ham, robotlar va dronlar o‘z algoritmlari asosida tahlil va tekshiruvlarni davom ettiradi. Tizim 5000 dan ortiq nazorat nuqtasini o‘z ichiga oladi.
Avtomatlashtirishning asosiy elementi — “DEEP Robotics” kompaniyasi ishlab chiqqan X30 robotlari. 56 kg vaznga ega ushbu robot-itlar notekis hududlarda harakatlana oladi, —20 dan +55 °C gacha bo‘lgan sharoitlarda ishlaydi, zinadan ko‘tarila oladi hamda to‘liq qorong‘ilikda ham faoliyat ko‘rsatishi mumkin.
Shunga o‘xshash uchuvchisiz stansiyalarni “Goldwind” kompaniyasi boshqa yirik qurilish tashkilotlari, jumladan “PowerChina” uchun ham joriy etmoqda. Loyiha “qorong‘i zavodlar” siyosatining davomi bo‘lib, elektronika va avtomobilsozlikda xodimlarsiz ishlab chiqarish tizimlari yaratilib kelmoqda. Endilikda bu yondashuv qayta tiklanuvchi energiya sohasida ham qo‘llanilmoqda. Bu texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirishi va og‘ir yoki xavfli hududlarda insonlar uchun xavflarni minimallashtirishi kutilmoqda.
2025-yilda Shanxayda o‘tkazilgan WAIC konferensiyasida “DEEP Robotics” kompaniyasi X30 robotining elektr podstansiyasi maketidagi analog va raqamli sensorlar, indikatorlar hamda harorat belgilari orasida farq qila olish qobiliyatini namoyish etdi. Robot o‘z dok-stansiyasidan mustaqil ravishda quvvat olishni ham ko‘rsatdi va yopiq ekotizimlarda uzluksiz ishlash imkoniyatini isbotladi.
X30 hozircha muntazam inspeksiyalarni bajarayotgan bo‘lsa-da, “DEEP Robotics” boshqa modellarni ham ishlab chiqmoqda. Masalan, oyoq va g‘ildiraklardan iborat gibrid robot “Lynx” qor, muz va zinapoyalarda harakatlana oladi. Kompaniya texnologiyalarini allaqachon metallurgiya va energetika sohalarida qo‘llamoqda. 2024-yilda esa xalqaro bozorga chiqib, Singapurdagi SPPG loyihasi doirasida Xitoy robotlari kabel tunnelarini nazorat qilishda yordam berdi.