Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, Chotqol daryosi bo‘yida joylashgan “Quyi Chotqol” gidroelektr stansiyasi qurilishi jadallik bilan davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha mahalliylashtirish dasturi doirasida, milliy muhandislik salohiyati va zamonaviy qurilish texnologiyalariga tayangan holda amalga oshirilmoqda.
GESning loyihaviy quvvati 90 MVtni tashkil etadi. Stansiyada har biri 22,5 MVt bo‘lgan to‘rtta gidroagregat o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Qurilish yakunlangach, stansiya yiliga 300 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va bu orqali qariyb 125 ming xonadonning barqaror elektr taʼminotini taʼminlash imkonini beradi. GES ishga tushirilgach, yiliga 81 million kub metr tabiiy gaz yoki 250 ming tonnagacha ko‘mirni tejash imkoniyati yaratiladi.
Loyiha doirasida zamonaviy yechimlarga alohida e’tibor qaratilgan: qurilish jarayonida dunyoning atigi bir nechta davlatlarida qo‘llaniladigan lentali konveyer texnologiyasi tatbiq etilmoqda. To‘g‘on va GES binosi xalqaro standartlarga mos tarzda yagona muhandislik inshooti sifatida barpo etilmoqda. To‘g‘on zichlangan (ukatanniy) beton texnologiyasi asosida qurilmoqda, bu esa inshootning mustahkamligi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlaydi.
Loyihaning yakunlanishi joriy yilning sentabr oyiga rejalashtirilgan.