Tojikiston Rog‘un GESi elektr energiyasini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Tojikiston Hukumati O‘zbekistonga Rog‘un gidroelektrostansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risidagi qaror loyihasini taqdim qildi.
Unda kelgusidagi elektr energiyasi yetkazib berish hajmi va shartlari “Rog‘un GES” AJ hamda “O‘zenergosotish” AJ o‘rtasida tuziladigan tegishli shartnomada belgilab olingan. Bitimga muvofiq, dastlabki bosqichda O‘zbekiston 1 kilovatt-soat elektr energiyasini 3,4 sentdan xarid qiladi. Keyingi yillarda narx har yili 1 foizga indeksatsiya qilinishi (ya’ni, oshirilishi) ko‘zda tutilgan.
Rog‘un GES qurilish davrida elektr energiyasi faqat vegetatsiya mavsumida — ya’ni suvga talab yuqori bo‘lgan yoz oylarida — yetkazib beriladi. Stansiya to‘liq loyihaviy quvvatida ishga tushgach, yetkazib berish har oyda doimiy amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
2024-yilning 7-noyabr kuni Ostonadagi Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining 23-vazirlar konferensiyasida Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vaziri Daler Jum’a Rog‘un GESi mintaqadagi eng yirik gidroelektr stansiyalardan biri sifatida qo‘shni mamlakatlarga ham katta miqdorda elektr energiyasini yetkazib berishini aytgan edi.
“Kelgusida Rog‘un GESi nafaqat Tojikiston Respublikasining energetik xavfsizligini ta’minlabgina qolmay, balki qo‘shni davlatlarga eksport hajmini oshirishga ham xizmat qiladi. Ta’kidlash joizki, ishlab chiqarilgan hajmning 70 foizi (taxminan 10 milliard kVt/soat) mintaqa mamlakatlarida o‘sib borayotgan talabni qoplash uchun eksport qilinadi”, — degan edi u.
Rog‘un GESi Tojikiston uchun o‘ta muhim obyekt hisoblanadi va mazkur gidroinshoot to‘la ishga tushganidan keyin hukumatning uchta strategik maqsadlaridan biri bo‘lmish uzoq kutilgan energetika mustaqilligiga erishiladi. Rog‘un GESida 6 ta agregat bo‘ladi va ular ekspluatatsiyaga tushirilganidan keyin bir yilda 17 mlrd. kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Rasmiylarning fikricha, bu nafaqat Tojikistonni arzon elektroenergiya bilan ta’minlaydi, balki qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga elektroenergiya eksport qilish imkonini beradi. Vaxsh daryosidagi 335 metr balandlikda qurilayotgan Rog‘un GESi dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on hisoblanadi.