“Muvaffaqiyatingizni kafolatlaymiz”. Prezident sloveniyalik tadbirkorlarga imtiyoz va subsidiyalar va’da qildi
Prezident Sloveniyada bo‘lib o‘tgan biznes forumda tadbirkorlarga imtiyoz va subsidiyalar va’da qildi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari farmatsevtika, shahar va temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, kichik GESlar qurish bo‘yicha kelishuv va shartnomalar almashdi.
22-may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musar Lyublyana shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma biznes forumda ishtirok etdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tadbirda ikki mamlakatning 100 dan ortiq yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari va vakillari qatnashdi.
Sloveniya delegatsiyasi KRKA, Duol, Emo Frite, Panvita, Medex, Tajfun Planina, Altado, UVC Solutions, Riko va boshqa ko‘plab kompaniyalardan iborat bo‘ldi.
Qayd etilishicha, 2024-yilda O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 176 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 127 mln dollardan oshgan. Bunda xizmat ko‘rsatish, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, kimyo mahsulotlari, mexanik qurilmalar, tosh, keramika va gipsdan tayyorlangan buyumlar, mebel va boshqalar asosiy o‘rinlarni egallaydi.
“O‘zaro tovar yetkazib berish nomeklaturasi va hajmini, jumladan, to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, mis, farmatsevtika mahsulotlari, texnologik uskunalar va yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa tovarlar hisobidan ko‘paytirish orqali yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 500 mln yevroga yetkazish vazifasi qo‘yildi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti forumdagi nutqida.
“Biznes — har qanday taraqqiyotning dvigateli. Har bir tadbirkorni ishontirib aytmoqchimanki, sizlarning tashabbuslaringizni shaxsan o‘zim qo‘llab-quvvatlayman. O‘zbekiston hukumati qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirishda yordam beradi. Biz maksimal imtiyozlar beramiz, subsidiyalar ajratamiz, biznesingizni manfaatli qilamiz va muvaffaqiyatingizni kafolatlaymiz”, — dedi u.
Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, forum doirasida B2B va G2B formatlarida uchrashuvlar ham tashkil etilgan.
Tadbir davomida investitsiyaviy hamkorlik, farmatsevtika, shahar infratuzilmasini qurish, mis mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, mikro GESlar qurish, shuningdek, elektrotexnika sanoatining boshqa sohalarida munosabatlarni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan bir qator kelishuv va shartnomalar almashilgan.