JB O‘zbekistonga taqsimlovchi elektr tarmoqlari modernizatsiyasi uchun $100 mln ajratadi
Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. U taqsimlovchi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishda foydalaniladi. 2024-yilda infratuzilmaning eskirgani va haddan tashqari yuklangani sababli elektr energiyasini taqsimlashda texnik yo‘qotishlar qariyb 13 foizni tashkil etgan.
Jahon banki O‘zbekistonga 100 million dollar imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi, deb xabar qildi Jahon banki matbuot xizmati. Mablag‘lar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash tarmoqlariga integratsiyalash va elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligini oshirishga yo‘naltiriladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” (HET) korxonasi ham ushbu dasturni amalga oshirish uchun mablag‘ ajratadi — 50 million dollar.
Shu tarzda kelgusi besh yil ichida taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirishga 150 million dollar sarmoya kiritiladi. Bu ustuvor hududlar, jumladan, Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyihaning asosiy faoliyati quyidagilardan iborat:
6000 km past kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini qurish va modernizatsiya qilish;
umumiy quvvati 250 megavolt-amper bo‘lgan 1200 ta taqsimlovchi transformatorni almashtirish va o‘rnatish;
HET tarmoqlarida tijorat elektr yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam beradigan 150 mingta “aqlli” hisoblagichlarni ulash;
taqsimlovchi tarmoqlarni avtomatlashtirish va raqamlashtirishni ta’minlash uchun 4000 ta ma’lumotlar konsentratorini o‘rnatish.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda infratuzilmaning eskirgani va haddan tashqari yuklangani sababli O‘zbekistonda elektr energiyasini taqsimlashda texnik yo‘qotishlar qariyb 13 foizni tashkil etgan. Taqsimlash tarmog‘i obyektlarining 50% dan ortig‘i 30 yildan ortiq vaqt davomida ishlaydi, bu ularning standart xizmat muddatidan sezilarli darajada oshadi va tez-tez avariyalar va elektr energiyasining uzilishiga olib keladi.
O‘zbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarish hajmini 25 gigavattgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Biroq taqsimlash tarmoqlarini zudlik bilan modernizatsiya qilmasdan turib, qayta tiklanadigan energiya yetkazib beruvchilarni ulash imkonsizligicha qoladi, deya qayd etdi Jahon banki.
“Jahon banki tomonidan ajratilayotgan moliyalashtirish O‘zbekistonning 2030-yilgacha taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish davlat dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi. Hukumat dasturi bo‘yicha zarur bo‘lgan jami investitsiyalar qariyb 3 milliard dollarga baholanmoqda. Umid qilamizki, mamlakatning boshqa xalqaro hamkorlari va xususiy investorlar bizdan o‘rnak oladi va HETning energetika sektorini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova.
2029-yilga kelib dastur quyidagi natijalarni berishi kutilmoqda:
HET xizmatlari sifati bilan mijozlarning 90% qoniqish darajasiga erishish;
Kichik va o‘rta korxonalar, shuningdek, uy xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqariladigan energiyani 50 megavattgacha qabul qilish uchun taqsimlash tarmoqlarining quvvatini oshirish;
Issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 450 ming tonna karbonat angidridgacha kamaytirish;
HETda texnik va rahbar lavozimlardagi ayollar ulushini 9 foizdan (2025-yilda) 14 foizgacha oshirish.