2025 yilda 1185 ta mikro-GES ishga tushiriladi
O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda muhim bosqichga qadam qo‘ymoqda. Faqatgina 2025 yilda mamlakatda 1185 ta mikro-gidroelektrostansiya foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 65 megavattni tashkil etadi.
Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning “yashil” energiya bo‘yicha jadal va keng ko‘lamli harakatlar olib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Loyihalarning aksariyati xususiy sektor tashabbusi bilan amalga oshiriladi, bu esa energetika sohasida tadbirkorlik faolligini oshiradi.
Umuman olganda, mamlakat bo‘ylab 2983 ta mikro-GES qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular har yili 500 million kilovatt-soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu orqali 151 million kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, tipik loyihalar ishlab chiqiladi, tadbirkorlarga texnik va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi, xalqaro moliyaviy institutlar ham jalb etiladi. Qurilish davrida 1200 nafar, ekspluatatsiya bosqichida esa 520 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Gidroenergetika O‘zbekistonda energiya xavfsizligini ta’minlashda va ekologik toza ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.