Fransiyada dunyodagi eng kuchli suv osti to‘lqin turbinalari o'rnatiladi
Yevropa Komissiyasining Innovatsion fondi dunyodagi eng kuchli suv osti to‘lqin turbinalarini yaratish uchun mablag‘ ajratdi. Loyiha Fransiyaning Normandie Hydroliennes kompaniyasi tomonidan boshlangan bo‘lib, u 3 yil ichida Normandiya sohillari yaqinida dengiz to‘lqinlaridan foydalanish ko'zda tutilgan. Qayta tiklanadigan elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun 4ta dastlabki turbinani o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
NH1 loyihasi 2023-yilda Yevropa Ittifoqi tomonidan yashil energetikani rivojlantish uchun ajratilgan €4,8 milliardlik “Zero-Net” dasturidagi 85ta loyihadan biriga aylandi. Loyiha doirasida birinchi bosqichda 4ta AR3000 suv osti to‘lqin generatori o‘rnatiladi. Ularning har biri 3 MVt quvvatga ega bo‘lib, birgalikda 33,9 GVs·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, bu esa 15.000ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.
Ishlarni boshlash uchun Normandie Hydroliennes kompaniyasi Yevropa Ittifoqidan €31,3 million miqdorida grant oldi. Gorizontal o‘qli turbinalar 2028-yilga kelib Fransiya energetika tizimiga elektr energiyasi yetkazib bera boshlaydi.
Proteus Marine Renewables kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan AR3000 turbinalari hozirda dunyodagi eng kuchli to‘lqin energetikasi tizimlaridan biri hisoblanadi. Uskunalarning 80% fransuz materiallari va qismlaridan yig‘iladi, bu esa NH1 loyihasi doirasida 400ta yangi ish o‘rni yaratishga imkon beradi.
Ocean Energy Europe ekspertlarining fikricha, 5 GVt gacha bo‘lgan salohiyatga ega to‘lqin energetikasi Fransiyaning QTEga o‘tishida muhim o'ringa ega. 2030-yilga kelib, bu yo‘nalishdagi ishlab chiqarish xarajatlari suzuvchi shamol elektr stansiyalarining xarajatlariga tenglashishi kutilmoqda, bu esa to‘lqin elektr stansiyalarini kelajakda raqobatbardosh energiya manbalaridan biriga aylantiradi. To‘lqin turbinalari atrof-muhitga xavfsiz, dengiz ekotizimiga minimal ta’sir ko‘rsatadi va xizmat muddati tugagach, oson qayta ishlanishi mumkin.
To‘lqin elektr stansiyalari to‘liq suv ostida joylashganligi sababli, boshqa QTE manbalaridan farqli o‘laroq, landshaftga ta’sir ko‘rsatmaydi, shovqin chiqarmaydi va dengiz osti dunyoga xalaqit bermaydi. Soha atrof-muhitni muhofaza qilish bilan birga mahalliy iqtisodiyotni ham rivojlantiradi, bu ayniqsa kichik va o‘rta bizneslar uchun muhimdir.
2030-yilga kelib, Fransiyada to‘lqin energetikasi hisobiga 6000ta yangi ish o‘rni yaratilishi, mahalliy iqtisodiyotning o‘sishiga turtki berishi va mamlakatning energetik mustaqilligi oshirilishi kutilmoqda.