Voltalia O‘zbekistonda elektr energiyasi sotuvi bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma tuzdi
Fransiyaning Voltalia kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh, shamol stansiyalari va energiya saqlash tizimlaridan iborat gibrid klaster uchun elektr energiyasi sotish bo‘yicha 25 yillik shartnomani imzoladi. Shuningdek, kompaniya energiyani saqlash va agrovoltaika bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirmoqda.
Fransiyaning Voltalia energetika kompaniyasi O‘zbekistondagi gibrid loyihasi uchun elektr energiyasini sotish bo‘yicha shartnoma imzoladi, shuningdek, energetika sohasida yangi shartnomalar tuzdi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.
Shartnoma O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parijga davlat tashrifi doirasida “O‘zenergosotish” davlat kompaniyasi bilan tuzilgan.
O‘zbekiston Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida imzolangan bitim Buxoro viloyatidagi Artemisya loyihasining bir qismi hisoblanadi. Quyosh-shamol majmuasi 126 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi, 300 MVt quvvatga ega shamol stansiyasi va 100 MVt / 200 MVt/soat quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimini o‘z ichiga oladi.
2022-yil noyabr oyida Voltalia Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ishtirokida O‘zbekiston hukumati bilan ushbu gibrid klasterni ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.
2023-yil noyabr oyida prezident Emmanuel Makronning Samarqandga davlat tashrifi chog‘ida Voltalia Artemisya loyihasini rivojlantirishning keyingi bosqichlarini belgilab beruvchi protokolni imzolagan.
Imzolangan elektr energiyasini sotish to‘g‘risidagi bitim quyosh va shamol energiyasi uchun 25 yilga, saqlash quvvatlari uchun 15 yilga mo‘ljallangan. Bu loyihaning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlaydi va mamlakatning elektr energiyasiga o‘sib borayotgan ehtiyojlarini, ayniqsa, ertalab va kechqurun iste’molning eng yuqori cho‘qqisida ham qondirishga yordam beradi, deyiladi xabarda.
Obyektda yiliga ishlab chiqariladigan elektr energiyasi qariyb 2,5 million O‘zbekiston aholisi iste’moliga teng bo‘lishi kutilmoqda. Loyiha, shuningdek, yiliga 598 ming tonna karbonat angidrid chiqindilarining oldini oladi.
Obyekt qurilishi 2026-yilning I choragida quyosh energiyasi va saqlash tizimlari, shuningdek, 2026-yilning III choragida shamol energetikasi uchun rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda Voltalia kompaniyasi bilan yangi kelishuvlar
Elektr energiyasini sotib olish shartnomasidan tashqari, kompaniya ikkita yangi hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Xususan, Voltalia O‘zbekiston Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan quvvati 500 MVt / 1 GVt/soat bo‘lgan elektr energiyasini saqlash bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risida kelishib oldi.
2025-yil avgust oyida Toshkent viloyatida 500 kilovattli agrovoltaik loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu O‘zbekistondagi birinchi shunday tashabbus bo‘ladi va mamlakatda ushbu texnologiyani rivojlantirish uchun sinov maydoni bo‘lib xizmat qiladi.
Voltalia O‘zbekistonning 2026-yilgacha 8 GVt va 2030-yilgacha 12 GVt qayta tiklanadigan energiyaga erishish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi.
“Ushbu shartnomaning imzolanishi O‘zbekistonning energetikaga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligimizni tasdiqlaydi. 2022-yilda muhokamalarni boshlagan holda, biz bugun elektr energiyasini sotish bo‘yicha muhim shartnoma tuzmoqdamiz, bu esa mamlakatdagi ishtirokimizni mustahkamlaydi”, — dedi Voltalia bosh direktori Robert Klyayn.