Texnik reglamentlarni ishlab chiqish va o'zgartirish tartibi tasdiqlandi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-fevraldagi 128-son qarori bilan texnik reglamentlarni ishlab chiqish, ularni tasdiqlash, oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritish hamda bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Texnik reglamentlar ijro hokimiyati organlari va xoʻjalik birlashmalarining takliflari asosida ishlab chiqiladi. Ushbu takliflar manfaatdor tomonlarning fikrlarini inobatga olgan holda shakllantiriladi hamda ularni tayyorlash dasturiga muvofiq tayyorlanadi. Takliflar har yili 1-noyabrgacha Oʻzbekiston texnik tartibga solish agentligiga taqdim etiladi.
Agentlik kelib tushgan takliflar asosida texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturi loyihasini tayyorlaydi va uni 30 ish kuni ichida Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Qabul qilingan Nizom quyidagilarni belgilaydi:
- texnik reglamentlarning tuzilishi va mazmuni;
- ularni ishlab chiqish tartibi;
- ekspertiza oʻtkazish jarayoni;
- texnik reglamentlar maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish;
- texnik reglamentlarni qayta koʻrib chiqish, oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritish va bekor qilish tartibi.
Hujjat davlat tilida Milliy qonunchilik maʼlumotlar bazasida eʼlon qilingan va 2025-yil 28-fevraldan kuchga kirdi.