×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

“ELEKTR ENERGETIKASI TO‘G‘RISIDA”GI QONUN YANGI TAHRIRDA MAʼQULLANDI

10.07.2024

Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonun qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Taʼkidlanganidek, amaldagi Qonun 2009-yilda qabul qilingan bo‘lib, unda elektr energiyasining ulgurji va chakana bozori, jumladan, sohada raqobatni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari nazarda tutilmagan, elektr taʼminotining ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda kam xarajatli ishlashini taʼminlaydigan normalar aks ettirilmagan, isteʼmolchilarning narxlar va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish kafolatlari belgilanmagan. Shu boisdan bugungi kun talablariga to‘liq javob bermadi.

Yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonun bilan isteʼmolchilarning narxlar, ishonchli elektr taʼminoti va xizmatlar ko‘rsatish sifati bo‘yicha manfaatlarini himoya qilish, elektr energiyasi jiddiy to‘siqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatdosh elektr energiya bozorining yuzaga kelishi va rivojlanishiga ko‘maklashish nazarda tutilmoqda.

Qonunda raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetika tarmog‘ining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalar belgilanmoqda.

Xususan, Qonunda insofli raqobat, tenglik va hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik, elektr energetikasi xavfsizligining ustuvorligi kabilar sohaning asosiy prinsiplari etib belgilanib, elektr energetikasi sohasining maqsadlariga oid yangi modda kiritilmoqda.

Qonunda elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozor qoidalari ham aks ettirilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda elektr energiyasi bozorida treyderlar (jismoniy yoki yuridik shaxslar) faoliyatini tartibga solishga qaratilgan umumiy qoidalar, ularning huquqlari va majburiyatlariga oid norma kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlashicha, Qonunning qabul qilinishi sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga va bu orqali elektr energetikasi sohasining samarali faoliyat yuritishiga, elektr energetikasi korxonalarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilanishiga hamda elektr energiyasini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!