“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar ma'sul xodimlari ishtirokidagi oʻquv amaliy seminar
2024 yil 19 aprel kuni “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarning sohaviy yoʻnalishlarida faoliyat olib borayotgan mas'ul xodimlarning sohaga oid bilim va koʻnikmalarini oshirish, amaliyotda uchraydigan bir qator muammoli vaziyatlarga oid batafsil ma'lumot olish, shuningdek oʻzaro tajriba almashish hamda xodimlarning malakasini oshirish mavzularida oʻquv amaliy seminari boʻlib oʻtdi.
Xususan, seminarda Oʻzbekiston Respublikasining yangi “Mehnat kodeksi”ni amaliyotda qoʻllash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar toʻgʻrisida, Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun va qonun osti hujjatlar asosida ishlash tartib qoidalari toʻgʻrisida, ish hujjatlarni toʻliq tartibda edo.ijro.uz elektron dasturida yuritish va ichki elektron arxivni yaratish toʻgʻrisida, hujjatlar ijrosini ta'minlashda nazorat uchun mas'ul xodimning vazifalari toʻgʻrisida ma'lumotlar berildi.
“Gidroproekt” aksiyadorlik jamiyati binosida oʻtkazilgan tadbirda tizim korxonalaridan sohaviy yoʻnalishlar boʻyicha, ya'ni xodimlar bilan ishlash, deonxona va ijro nazorati boʻlimlarining mas'ul xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish oʻquv markazi vakillari, ja'mi sohaning 13 tarmoq tashkilotlaridan 60 dan ortiq mutahassislar ishtirok etishdi.