×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

O‘zbekiston energetika tizimida ilk bor GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari joriy etildi

06.07.2023

O‘zbekiston energetika tizimida birinchi bo‘lib “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi. Endilikda yashil sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-156-sonli Qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-iyuldan boshlab “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi.

(Joriy hisob-kitoblarga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud bo‘lib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVtga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda, Jamiyat tomonidan yiliga 7 mln. dona “yashil energiya” sertifikatlari birjaga savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud. Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi).

2030-yilga kelib iqtisodiyotimizda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Energetika sohasining ajralmas “yashil bo‘g‘ini” hisoblangan gidroenergetika sohasida mazkur yo‘nalishda qator amaliy ishlar izchil tatbiq etilmoqda.

“Yashil energiya” sertifikati (qayta tiklanadigan energiya sertifikatlari deb ham ataladi) quyosh, shamol, gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan maʼlum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjatdir. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) bilan kelishuvga erishdi hamda ushbu tizimni tartibga soluvchi masʼul organ (emitent) sifatida ushbu tashkilot akkreditatsiyasidan o‘tgan.

O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolarida “yashil energiya” sertifikatlarini sotishga mo‘ljallangan alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilingan bo‘lib, spot.uzex.uz sayti orqali “yashil energiya” sertifikatlarini sotuvga qo‘yib boradi. Isteʼmolchi tomonidan “yashil energiya” sertifikatlarini xarid qilish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda shartnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, yaʼni emitentga gidroelektr stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga mos bo‘lgan hajmda sertifikat chiqarish bo‘yicha talabnoma yuboradi.

Ushbu talabnoma asosida Emitent Jamiyat nomiga “yashil energiya” sertifikatlarining yagona elektron platformasida sertifikatlarni chiqarib beradi. Oxirgi bosqichda Jamiyat tomonidan sertifikatlar Isteʼmolchi nomiga hisobdan chiqariladi.

Taʼkidlash joizki, I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni sotish mamlakatga ekologik masʼuliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda tabiiy ravishda O‘zbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!