Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga doir asosiy tushunchalar
Lokal tarmoq – elektr, issiqlik energiyasini yoxud biogazni tashish (uzatish) va (yoki) taqsimlash uchun mustaqil ravishda ishlovchi elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘i;
mikro va kichik gidroelektr stansiyalar – elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suv oqimlarining tabiiy harakati energiyasidan foydalanuvchi, o‘rnatilgan quvvati tegishincha 0,2 MVt va 30 MVtgacha bo‘lgan to‘g‘onsiz gidroelektr stansiyalar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari – atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish – ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, qidiruv, joriy etish, loyihalash, qurilish-montaj ishlari va foydalanishga doir ishlar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, uni tashish, to‘plash, realizatsiya va isteʼmol qilish bilan bog‘liq faoliyat;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, energiyani qabul qilib olish, o‘zgartirish, to‘plash va (yoki) uzatish, shuningdek hisobga olish bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar majmuasi, texnologik va (yoki) butlovchi asbob-uskunalar;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar – qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar.
(O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 21-maydagi
“Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni, 3-modda)