“Mustahkam oila, faol xotin-qizlar – jamiyat farovonligi tayanchi”
МмМММ
Oila – insonning tug‘lishidan to umri poyoniga qadar bo‘lgan hayot mazmunini qamrab olgan, taʼlim-tarbiya, imon-eʼtiqodning asosiy poydevori shakllantiriladigan muqaddas maskan. Mehr-oqibat rishtalarini, odamiylik mezonlarini, milliy qadriyatlarni eʼzozlab-avaylaydigan, kelgusi avlodlarga to‘kis yetib borishini taʼminlaydigan moʻtabar dargoh.
15-may kuni butunjahon miqyosida Xalqaro oila kuni (International Day of Families) sifatida keng nishonlanadi. Ushbu bayram BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993-yil 20-sentabrdagi Xalqaro oila yili to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga muvofiq 1994-yilning 15-mayidan buyon muntazam ravishda nishonlanib keladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Oila kichik vatan, oila tinch bo‘lsa, baxtli bo‘lsa, vatan tinch bo‘ladi. Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish oila, onalar maʼnaviyati bilan uzviy amalga oshiriladi”.
Shunga muvofiq ravishda, so‘nggi yillarda yurtimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini taʼminlash borasida dolzarb islohotlar amalga oshirilib, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qancha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda. Xususan, 2022-yilning 7-martida Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 87-son Farmon ham bu boradagi amaliy harakatlarning muhim huquqiy asosi, maqsadli va manzilli yo‘nalishi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yurtimizda ham ushbu kun arafasida davlat va jamoat tashkilotlari, NNTlari tomonidan qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Anʼanaviy “15-may – Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Mustahkam oila, faol xotin-qizlar – jamiyat farovonligi tayanchi” mavzusidagi forum o‘tkazildi.
Forumga yurtimizning taniqli madaniyat va fan arboblari, malakali soha mutaxassislari taklif qilindi.
Forum doirasida "Zakovat" intellektual o'yini, shuningdek, tizimda faoliyat olib borayotgan faol va tashabbuskor lider xotin-qizlar o‘rtasida “Gidroenergetika sohasi rivojiga mening hissam” mavzusidagi insholar tanlovlari tashkil qilindi. "Gidroproekt" AJ xodimlari faxriy 1-va 3-o'rinlarni egalladi. Mazkur tadbirlar tizimdagi Xotin-qizlar bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlarga har tomonlama ko‘maklashish, ularning faoliyatini takomillashtirish, lider ayollarni saralash va ularning kasbiy-intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi.