Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida har birining quvvati 500 MVtdan boʻlgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha bitimlar imzolandi
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bunday islohotlarni amalga oshirishda, jahon tajribasini oʻrgangan holda, Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi va dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Mamlakatimiz energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida 2023-yil 27-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasining “Energy China Overseas Investment Division China Gezhouba Group Overseas Investment Co.,Ltd.” kompaniyasi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasida Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida har birining quvvati 500 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha bitimlar imzolandi.
Xorijiy hamkorlar bilan muhokamalar uchrashuvi va bitim imzolash marosimida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari S.Artikov va Aksiyadorlik jamiyatining masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Qoʻshimcha 2,3 mlrd kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beruvchi ushbu ikki yirik loyiha yiliga 588 mln kub metr tabiiy gaz sarfini qisqartirish imkonini beradi. Natijada yoqilgʻi resurslarini tejashga hamda atmosferaga zararli chiqindilarni chiqishini kamaytirishga erishiladi.