×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikalari Energetika vazirliklarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

15.03.2023

Joriy yilning 15-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikalari Energetika vazirliklarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi, elektr energetika va suv resurslari masalalari muhokama etildi. 
 
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J. Mirzamahmudov va Suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamrayev, Qirg‘iz Respublikasi Energetika vaziri T. Ibrayev, Qozog‘iston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari J. Nurmaganbetov hamda tomonlardan bir qator tashkilotlarning rahbar xodimlari va mutaxassislari ishtirok etdi. 
 
Yig‘ilishda Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish ishlarining borishi hamda hamkorlikning asosiy tamoyillariga oid hujjat loyihasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, loyihani amalga oshirishga tayyorlashning asosiy bosqichlari kelishib olinib, bu borada navbatdagi yig‘ilishni joriy yil mart oyining so‘nggi dekadasida o‘tkazishga kelishildi. 
 
Bundan tashqari, mintaqadagi suv-energetika holati va hozirgi kundagi elektr energetika tarmog‘idagi vaziyat hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashishdi. Toqtoqul suv ombori zahirasini yozgi sug‘orish davri uchun asrash borasida ko‘rilishi lozim bo‘lgan tadbirlar muhokama qilindi. 
 
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika tizimlari orqali Qirg‘iz Respublikasiga elektr energiyasi tranzitini amalga oshirish, qozoq va o‘zbek elektr energiyasini Qirg‘iz Respublikasiga yetkazib berish hamda Uchqo‘rg‘on GES orqali O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari qishloq xo‘jaligi iste’molchilariga yozgi sug‘orish davri uchun suv chiqarish hajmlari kelishib olindi hamda navbatdagi uchrashuvni 2023-yilning oktabr oyida Ostona shahrida o‘tkazilishi belgilab olindi. 

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!