Jahon banki O‘zbekistondagi yangi quyosh elektr stansiyalaridan energiya sotib olish uchun 12 mln dollar ajratadi
Jahon banki «O‘zbekistonda quyosh energetikasini kengaytirish-2» loyihasi uchun 12 mln dollar ajratadi. Bu ikkita yangi quyosh elektr stansiyasidan (har biri 6 mln dollardan) elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish bo‘yicha bank kafolatlari hisoblanadi.
Loyiha orqali mamlakatda ekologik toza va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish mumkin. Shuningdek, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha hukumat rejalarini amalga oshirish va energetika sohasida dekarbonizatsiyalash (karbonat angidrid gazi emissiyasini kamaytirish) jarayoniga hissa qo‘shadi.
2019 yilda O‘zbekiston Afrikadan tashqarida Jahon banki guruhining (JBG) Scaling Solar («Quyosh energetikasini kengaytirish») dasturiga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi. Dastur doirasida Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega «O‘zbekistonda quyosh energetikasini kengaytirish-1» quyosh elektrostansiyasi ishga tushdi. O‘sha vaqtda Jahon banki ushbu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun bank kafolatini taqdim etgan. Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) esa tenderni tashkil etish bo‘yicha maslahat xizmatlarini va loyihani amalga oshirishni moliyalashtirishni belgiladi (IFC va Jahon banki JBG tarkibiga kiradi).
Keltirilishicha, 2023 yilda taqdim etilayotgan «O‘zbekistonda quyosh energetikasini kengaytirish-2» loyihasi Navoiyda bajarilgan loyihaning muvaffaqiyatiga tayanadi. Umumiy quvvati 440 MVt bo‘lgan quyosh elektrostansiyalarini ishga tushirish orqali energiya ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Jahon banki «O‘zbekiston MET» AJ ikki hududda quriladigan obyekt uchun har biri uchun 6 mln dollargacha (umumiy summasi 12 mln dollargacha) bank kafolatlarini taqdim etadi.
O‘zbekistonda 2021 yilning may oyida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumani va Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida har biri 220 MVt quvvatga ega ikkita yangi quyosh elektr stansiyasini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) doirasida qurish bo‘yicha BAAning qayta tiklanadigan energiya sohasidagi Masdar kompaniyasi tender g‘olibi bo‘lgan.
Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi quyosh elektrostansiyalari yiliga 1,1 mlrd kilovatt-soat (kVt/s)gacha qayta tiklanadigan elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ularning ishlashi tufayli yiliga o‘rtacha 110 000 tonna yoki ularning butun xizmat davri davomida jami 3,4 mln tonna karbonat angidrid emissiyasining oldi olinadi.
Quyosh elektrostansiyalarini ishga tushirish uchun Masdar loyiha kompaniyalariga o‘z kapitalidan 193 mln dollar investitsiya kiritadi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), Yevropa investitsiya banki (YeIB) hamda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) tomonidan 216 mln dollar qarz mablag‘larini jalb qiladi.
«Quyosh energetikasini kengaytirish» — JBG dasturi bo‘lib, hukumatlarga xususiy moliyalashtirishni jalb qilish bilan quyosh energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi yirik loyihalar ishlab chiqish va bu bo‘yicha tenderlar o‘tkazishda ko‘mak beradi. U ekspert maslahatlari, rasmiylashtirilgan hujjatlar, tasdiqlangan moliyalashtirish, sug‘urta mahsulotlari va shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirish uchun bank kafolatlarini o‘z ichiga oladi. Dastur Daniya, Koreya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya hukumatlari, shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Power Africa dasturi hamda Xususiy infratuzilmani rivojlantirish guruhi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.