×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

Toshkentda 2000 megavattga yaqin quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi

09.02.2023

Shavkat Mirziyoyev poytaxt jamoatchilik vakillari va mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Toshkentning elektr energiyasi va tabiiy gazga ehtiyoji tobora ortib borayotgani hamda energetika masalalarini to‘liq hal qilish uchun barcha hisob-kitoblar qilingani ta’kidlandi.

Davlat rahbari tomonidan shaharda kamida 2000 megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish mumkinligi qayd etildi.

Bu ishlar bilan ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari, davlat idoralari va tadbirkorlik binolarining tom qismi, sanoat zonalari hududi, avtoturargohlar va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin.

Bu choralar ko‘rilsa, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilda kutilayotgan 240 mln kilovatt soatlik talabni 4 baravar ortig‘i bilan, ya’ni 1 mlrd 80 mln kilovatt soat hajmda ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Tadbirkor va aholi ishlab chiqargan elektr energiyasi davlat tomonidan kafolatli sotib olinadi.
Prezident elektr ishlab chiqarishda davlat monopoliyasidan ketib, raqobatli muhit joriy qilish zarurligini ta’kidladi.

Jumladan, panel o‘rnatgan tadbirkorlar ishlab chiqargan elektrni davlat kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilarga ham sotishi mumkin bo‘ladi.

Aholi o‘z xonadonida quyosh paneli o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovati 1000 so‘mdan sotib olinadi. Hozirgi tarif — 295 so‘m. Qayd etilishicha, mablag‘lar har oyda hisob-kitob qilinib xonadon egasining plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

Shuningdek, Toshkent shahrini energiya resurslari bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida prezident tomonidan quyidagi qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi:
•    sanoat zonalari va yirik korxonalarda quyosh panellari o‘rnatish orqali 400 mln kilovatt soat elektr chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlash;
•    ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga 75 mln kilovatt soat elektr ishlab chiqarishni ta’minlash;
•    Yuqorichirchiq tumanida 500 megavattli yirik quyosh elektr stantsiyasini qurish;
•    poytaxtdagi sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini 1%ga kamaytirish va energiya samaradorligini 3%ga oshirish;
•    1 817 ta ko‘p qavatli uylarning ichki isitish tizimini to‘liq yangilash;
•    300 kilometr magistral issiqlik tarmoqlarini yangilab, yo‘qotishlarni 5%ga kamaytirish.

Umuman, Toshkentda qayta tiklanuvchi energiya tizimini joriy qilish uchun $1 mlrd yo‘naltiriladi.

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!