×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

Turkistonda O‘zbekiston–Qozog‘iston suv-energetika masalalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi

29.01.2026

Turkiston shahrida hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlangan qo‘shma ishchi guruhining XIII yig‘ilishi, shuningdek, Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli va barqaror suv-energetika hamkorligi mexanizmini shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston–Qozog‘iston qo‘shma ishchi guruhining II yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishlarda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov hamda Turkiston viloyati hokimi Nuralxon Kosherov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama suv va suv-energetika hamkorligining asosiy masalalarini muhokama qildilar. Xususan, «Do‘stlik» davlatlararo kanalini tozalash va ta’mirlash ishlari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda Qozog‘iston tomoni tomonidan kanalning ayrim uchastkalari, qiyaliklari, kollektorlar va bosh inshootlarida mexanizatsiyalashgan tozalash ishlari amalga oshirilgan, shuningdek, bosh va to‘suvchi inshootlardagi zatvorlarda joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan. Joriy yilda «Do‘stlik» kanalini mexanizatsiyalashgan holda tozalash va uning bosh inshootlarini ta’mirlash ishlari davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tomonlar suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ulardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib oldilar. Bundan tashqari, Sirdaryo daryosida o‘nta avtomatlashtirilgan gidropost o‘rnatish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda — har bir davlat hududida beshtadan.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida ishlab chiqilgan mazkur loyiha transchegaraviy suv resurslarini taqsimlashda shaffoflik va aniqlikni ta’minlashga qaratilgan. Hozirgi kunda GIZ loyiha bo‘yicha texnik topshiriqni ishlab chiqishni yakunlagan.

Yig‘ilish davomida o‘tgan yilda ikki davlat rahbarlari ishtirokida transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolanganligi ta’kidlandi. Mazkur hujjat ko‘p yillik hamkorlik natijasi bo‘lib, transchegaraviy suvlarni boshqarishda kelishilgan yondashuvlarni belgilab berdi.

Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev tomonidan BMT huzurida Xalqaro suv tashkilotini tashkil etish hamda Markaziy Osiyo uchun suvdan foydalanish bo‘yicha Asosiy konvensiyani ishlab chiqish tashabbuslari qayd etilib, ularning mintaqada uzoq muddatli suv sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyati ta’kidlandi.

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!