Jahon banki Markaziy Osiyoda energetika loyihasi uchun 1 mlrd AQSh dollari ajratadi
Jahon bankining Ijrochi direktorlar kengashi Markaziy Osiyoda “Elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energetika tizimlarini integratsiyalash” (REMIT) nomli mintaqaviy dasturini ma’qulladi. Dastur 10 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uch bosqichda amalga oshiriladi.
REMIT dasturining asosiy maqsadi — mintaqa energetika sektorida hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda ilk yagona elektr energiyasi bozorini shakllantirish, mintaqalararo savdoni kengaytirish, elektr uzatish tizimlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika tizimlariga keng miqyosda integratsiya qilish uchun zamin yaratishdan iborat.
Dasturining birinchi bosqichi doirasida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlarining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi — “Energiya” jami 143,2 mln AQSh dollari miqdorida grantlar va imtiyozli moliyalashtirish mablag‘larini oladi. Shundan 140 mln AQSh dollari Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi resurslari hisobidan, yana 3,2 mln AQSh dollari esa Markaziy Osiyo uchun Suv-energetika dasturi (CAWEP) grantlari sifatida ajratiladi.
Xabar qilinishicha, birinchi bosqich doirasida mintaqa mamlakatlari energetika tizimlariga qariyb 900 MVt yangi toza energiya quvvatlarini integratsiya qilish rejalashtirilgan. Bu esa 700 mln AQSh dollari atrofida xususiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradi. Bu haqda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha infratuzilma masalalari direktori Charlz Kormye ma’lum qildi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda elektr energiyasiga bo‘lgan talab jadal sur’atlarda oshib bormoqda va mavjud tendensiyalar saqlanib qolsa, 2050-yilga borib u uch baravarga ko‘payishi mumkin. Shunga qaramay, mintaqada elektr energiyasi savdosi hanuz cheklangan bo‘lib, umumiy talabning atigi 3 foizini tashkil etadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi esa katta salohiyat mavjudligiga qaramay, taxminan 4 foiz darajasida baholanmoqda.
REMIT dasturi mintaqaning o‘zaro to‘ldiruvchi energetika resurslaridan foydalanishni nazarda tutadi. Jumladan, Qirg‘iziston va Tojikistonning gidroenergetika salohiyati, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida mavjud quyosh va shamol energetikasi imkoniyatlari inobatga olinadi.
Kutilishicha, kelgusi o‘n yil ichida mintaqada elektr energiyasi savdosi hajmi yiliga kamida 15 ming GVt·soatga yetadi. Elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa uch baravardan ortiq oshirilib, 16 GVtga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mintaqa mamlakatlari energetika tizimlariga 9 GVtgacha toza energiya quvvatlarini integratsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin ta’kidlashicha, energetik integratsiya va mintaqaviy elektr energiyasi savdosini rivojlantirish 2050-yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlariga 15 mlrd AQSh dollarigacha iqtisodiy foyda keltirishi mumkin.
REMIT dasturining umumiy taxminiy moliyalashtirish hajmi 1,018 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu mablag‘lar mintaqaviy elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va ishga tushirish, uzatish infratuzilmasini mustahkamlash, energetika tarmoqlarining ishonchliligini oshirish uchun raqamli tizimlarni joriy etish, shuningdek energetika sohasida mintaqaviy institutlar va muvofiqlashtirishni kuchaytirishga yo‘naltiriladi.
REMIT dasturining keyingi bosqichlari mintaqaviy elektr energiyasi bozorini kengaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yanada oshirish va infratuzilmani raqamlashtirish, shuningdek sohaviy mintaqaviy institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.