Tuyamo'yin suv ombori hajmi 1 milliard kubometrga oshiriladi
«O‘zbekiston–2030» strategiyasi loyihasida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, melioratsiya ishlarini kengaytirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ustuvor maqsadlar belgilangan.
Strategiya loyihasiga ko‘ra, agrar sektorda suv ta’minoti barqarorligini oshirish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda magistral va xo‘jaliklararo kanallarni bosqichma-bosqich betonlashtirish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, sizot suvlari sathi yuqori bo‘lgan maydonlarni qisqartirish hamda sohani boshqarishga xususiy sektorni faol jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihadagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar:
- Umumiy uzunligi 18,7 ming kilometr bo‘lgan (shundan 66 foizi tuproq o‘zanli) magistral va xo‘jaliklararo kanallarning beton qoplamali qismini 13,1 ming kilometrga (46 foiz) yetkazish;
- Melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali sug‘oriladigan yerlardagi sho‘rlangan maydonlarni 1,7 million gektargacha kamaytirish;
- Sizot suvlari sathi muammoli bo‘lgan maydonlarni 773,4 ming gektargacha qisqartirish.
Shuningdek, loyihada irrigatsiya tizimlari va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, boshqaruvga xususiy sektorni jalb etish hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) mexanizmlarini keng qo‘llashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan:
- DXSH shartlari asosida boshqaruvga beriladigan suv xo‘jaligi ob’ektlari sonini 2 012 taga yetkazish;
- Tuyamo‘yin suv ombori sig‘imini qo‘shimcha 1 milliard kubometrga oshirish. Bu chora 1,2 million gektar maydonda suv ta’minotini yaxshilash bilan birga, ichimlik suvi zaxirasini yaratish imkonini beradi.
Mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi suv yo‘qotishlarini kamaytirishga, yerlarning unumdorligini oshirishga va suv ta’minoti infratuzilmasini tizimli ravishda yangilashga xizmat qiladi.