O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha amaliy jarayonlar kengayib bormoqda
O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarini izchil amalga oshirmoqda. Euronews Business ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda quyosh va shamol energetikasiga oid loyihalar faol sur’atlarda davom etib, milliy energiya balansida toza energiya ulushining oshishiga xizmat qilmoqda.
Hukumat xalqaro investorlar va texnologik hamkorlar bilan birgalikda yangi generatsiya quvvatlarini yaratish hamda mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni ilgari surmoqda. Hududlarda quyosh parklari, shamol stansiyalari va ularni qo‘llab-quvvatlovchi tarmoqlar barpo etilmoqda.
Shu bilan birga, gidroenergetika ham mamlakat energetika tizimining muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. O‘zbekistonda mavjud GESlarni modernizatsiya qilish va ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Gidroenergetika yil davomida barqaror ishlab chiqarishni ta’minlab, energetika tizimining mavsumiy yuklamalarga moslashuvchanligini oshiradi.
Quyosh, shamol va gidroenergetika yo‘nalishlarining rivoji energetik xavfsizlikni mustahkamlash, uglerod izini kamaytirish va diversifikatsiyalangan energiya tizimini shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning muhim qismidir. Bu jarayonlar hududlar rivojiga, qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilishiga va yangi ishlab chiqarish quvvatlarining paydo bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Kompleks yondashuv orqali O‘zbekiston barqaror va muvozanatli energiya tizimini shakllantirish yo‘lida izchil oldinga siljimoqda hamda qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha belgilangan maqsadlariga yaqinlashib bormoqda.