×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

YI Markaziy Osiyo energetikasini 900 mln yevro bilan qo‘llab-quvvatlaydi

13.10.2025

9-10-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan "Global Gateway" forumi doirasida qabul qilingan qarorlar Markaziy Osiyoning gidroenergetika salohiyatini rivojlantirishga yangi turtki berdi. Yevropa Ittifoqi va uning moliyaviy institutlari Qirg‘izistonda mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan Qambarota GES-1 qurilishi flagman loyihasini amalga oshirish uchun katta mablag’ ajratilishini e’lon qildi.

Bryusseldagi uchrashuvlarning asosiy natijasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston vakillari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Yevropa investitsiya banki (YIB) o‘rtasida bir qator o‘zaro anglashuv memorandumlarining imzolanishi bo‘ldi. Ushbu kelishuvlar tomonlarning Qambarota GES-1 loyihasi uchun YIBdan 900 million yevro miqdorida moliyalashtirishni jalb qilish niyatini mustahkamlaydi. Bunga qo‘shimcha ravishda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) stansiya qurilishi ehtiyojlari uchun yana 1,3 milliard yevro ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Norin daryosida amalga oshiriladigan loyiha Qirg‘izistondagi eng yirik energetika obyekti hisoblanadi. Stansiyaning rejalashtirilgan quvvati 1860 MVtni tashkil etadi, to‘g‘onining balandligi esa 256 metrga yetadi. Suv ombori 5,4 milliard kubometr suvni sig‘dira oladi, bu esa yiliga qariyb 5,6 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevrokomissar Yozef Sikela erishilgan kelishuvlarni izohlar ekan, "gidroenergetikaga kiritilgan sarmoyalar elektr energiyasiga ishonchli kirishni ta’minlaydi, mahalliy aholi uchun yangi daromad manbalarini yaratadi va qishloq xo‘jaligining barqarorligini mustahkamlaydi", deb ta’kidladi.

O‘z navbatida, YIB vitse-prezidenti Kiriakos Kakuris mintaqaviy energetika hamkorligini rivojlantirishga va qayta tiklanadigan elektr energiyasi savdosini kengaytirishga yordam beradigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. YTTB prezidenti Odil Reno-Basso loyihani "mintaqaviy kooperatsiya va suv resurslarini barqaror boshqarishning flagman namunasi" deb atadi va uning Markaziy Osiyo suv va energetika xavfsizligi uchun muhimligini ta’kidladi.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish allaqachon Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Jahon banki ishtirokida amalga oshirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, butun qurilish jarayoni o‘n yilga yaqin davom etadi, birinchi gidroaggregatni ishga tushirish esa asosiy ishlar boshlanganidan to‘rt yil o‘tib rejalashtirilgan. Qurilish tugagandan so‘ng, stansiyaning barcha aktivlari va aksiyalari to‘liq Qirg‘iziston mulkiga o‘tadi. Ushbu qadamlar strategik muhim sohalarda mintaqaviy muvofiqlashtirishni kuchaytirish uchun YI, ishtirokchi davlatlar va moliya tashkilotlarining sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi "Team Europe" tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qambarota GES-1 quriladigan Norin daryosi Sirdaryoning eng yirik irmog‘i hisoblanadi. O‘zbekiston va Qozog‘istonning aholi zich joylashgan hududlarida suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligi faoliyati bevosita Norinning holatiga bog‘liq.

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!