Italiyada 1110 MVt quvvatga ega eng yirik suzuvchi dengiz shamol elektr stansiyasi quriladi
Galileo Energy va Hope Group kompaniyalari Italiya Atrof-muhit va energetika xavfsizligi vazirligidan Barium Bay nomli 1,1 GVt quvvatga ega suzuvchi dengiz shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash natijalariga ko‘ra ijobiy xulosa oldilar. Bu obyekt dunyodagi eng yirik suzuvchi shamol elektr stansiyasiga aylanishi mumkin.
Shamol elektr stansiyasi dengiz sohilidan 45 km uzoqlikda, Adriatika dengizi bo‘ylab Bari va Barletta shaharlari orasidagi joyda, Italiyaning janubidagi Apuliya mintaqasida quriladi. Rejaga ko‘ra, stansiya 15 MVt quvvatga ega bo‘lgan 74 ta dengiz shamol turbinasidan tashkil topadi. Umumiy quvvati 1110 MVt bo‘lgan ushbu obyekt yiliga 3 milliard kVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida dengiz tubi relyefi tufayli turg‘un poydevorlarga o‘rnatiladigan ikki ta dengiz almashtirish podstansiyasini qurish ham ko‘zda tutilgan.
Italiyada yanada yirikroq suzuvchi shamol elektr stansiyasi — Med Wind, 2,8 GVt quvvatga ega loyiha ham rejalashtirilgan. U Sitsiliya sohilidan 60 km uzoqda joylashadi. Ushbu stansiya uchun shamol turbinalarini Xitoyning Mingyang kompaniyasi yetkazib beradi va har bir turbinaning quvvati 18,8 MVtni tashkil etadi.