×
Очки

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi

21.05.2025

Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, yetakchilar huzurida qabul qilingan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, jumladan, Ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma, Iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tabiiy ofatlarni boshqarish, ilm-fan va innovatsiyalar, tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi idoralararo kelishuvlar almashildi.

Xususan, "O‘zatom" agentligi va Vengriyaning MVM EGI Zrt. davlat korxonasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va Anglashuv memorandumi imzolandi.

Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, atom elektr stansiyalarida quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilish, texnologiyalarni mahalliylashtirish, zarur infratuzilmani yaratish, shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini tashkil etishni nazarda tutadi.

O‘zaro anglashuv memorandumi, o‘z navbatida, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik asoslarini shakllantirishga qaratilgan. Ushbu hujjat O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda tomonlarning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini belgilaydi.

Ma’lumot uchun:
Vengriyaning MVM EGI Zrt. kompaniyasi 1948-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ichki va xalqaro bozorda energetika sektorining yetakchisi hisoblanadi. U butun dunyo bo‘ylab minglab elektr stansiyalari uchun ishonchli asos bo‘lgan suvni tejaydigan sovutish tizimlarini ishlab chiqish va joriy etishga ixtisoslashgan.

 

Fikr-mulohaza shakli
Suhbat davomida javob beradigan savollaringiz bo'lsa - bizga yozing. Biz muloqot uchun ochiqmiz!