Pskem GES obyektida qurilish masalalari bo'yicha yig'ilish bo'lib o'tdi
Investitsiyaviy loyiha asosida barpo etilayotgan Pskem GES yirik obyektlardan biri bo‘lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km masofada, Chorvoq suv omboridan 45 km tepada joylashgan.
Pskem GESning loyihaviy quvvati 400 MVt ni tashkil etib, kattaligi bo‘yicha Chorvoq GESdan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Hisob-kitoblarga asosan, Pskem GES yiliga 950 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Bugun, 21-fevral kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov boshchiligida Pskem GES qurilish obyektida navbatdagi amaliy yig‘ilish tashkil etildi.
Ishchi guruhi yig‘ilishida “Gidroproyekt” AJ, “Gidromaxsusqurilish” AJ, “4-son Qurilish direksiyasi” MChJ, “1-son Qurilish direksiyasi” MChJ, “Energoqurilishindustriya” UK, “O‘zGASHKLITI” DUK hamda tizim korxonalari rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda GES qurilishining tasdiqlangan reja va muddatlarga muvofiq olib borilishi ko‘rib chiqildi, asosiy eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalarning sifatli yechimlariga to‘xtab o‘tildi.
Taʼkidlash joizki, investitsiyaviy loyihalar asosida quriladigan GESlar elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarining yanada ortishiga, hamda hududlar infrastrukturasi rivojlanishiga mustahkam zamin yaratadi.