O‘zbekiston kelasi yildan “Qambarota-1” qurilishini moliyalashtirishni boshlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Energetika vaziri Taalaibek Ibraevni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan, energetika sohasida yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama munosabatlar rivojidagi yuqori sur’at alohida qayd etildi.
O‘zbekiston yetakchisi suv energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy ahamiyatga ega qo‘shma loyihalarni, birinchi navbatda, Qambarota GES-1 loyihasini samarali ilgari surish muhimligini ta’kidladi.
«Mintaqaning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va uni birgalikda boshqarish maqsadida kelasi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda "Qambarota-1" GES qurilishi loyihasini moliyalashtirishni boshlaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
U Qirg‘iziston Energetika vaziri Taalaibek Ibraevga, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Ozarbayjon energetika kompaniyalari rahbarlariga O‘zbekistonga yirik sarmoyalarni jalb etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishdagi qo‘llab-quvvatlashlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Qambarota GES-1 qurilishi qiymati $4,2 milliardga baholanmoqda, xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtirishning umumiy portfeli $5,6 milliardga yetgan. Tomonlarning ishtirok ulushlari quyidagicha taqsimlangan: Qirg‘iziston — 34 foiz, O‘zbekiston va Qozog‘iston — har biri 33 foizdan. Har bir mamlakat o‘z ulushiga mutanosib ravishda elektr energiyasini olishi mumkin, bunda bozor sharoitlari va ehtiyojlarga qarab o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.